O‘zbekistonning raqamli savdo manzarasi: mahalliy o‘sishdan global integratsiyagacha

O‘zbekistonning raqamli savdo manzarasi: mahalliy o‘sishdan global integratsiyagacha
Raqamli texnologiyalar asrida global elektron tijorat hajmi 6,42 trillion dollardan oshib, shiddat bilan oʻsishda davom etmoqda. Oʻzbekiston ham Markaziy Osiyodagi eng jozibador va jadal rivojlanayotgan bozorlardan biriga aylanib ulgurdi. 2024-yilda mamlakatimizdagi onlayn savdo hajmi 1,2 milliard dollarni tashkil etgan boʻlsa, 2027-yilga kelib bu koʻrsatkich 2,2 milliard dollarga yetishi prognoz qilinmoqda. Mamlakatimizdagi 32,7 million nafar internet foydalanuvchisi, raqamli logistika hamda fintex sohasining rivojlanishi ushbu oʻsishning asosiy poydevori boʻlib xizmat qilmoqda.
Yurtimizning global ekotizimga integratsiyalashuviga 2022-yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan "Wildberries" marketpleysini yorqin misol qilib koʻrsatish mumkin. Oxirgi ikki yil ichida oʻzbekistonlik tadbirkorlarning ushbu platformadagi savdo hajmi 1 milliard dollardan oshdi, mahsulotlar eksporti esa 63 foizga koʻpaydi. Bundan tashqari, kompaniya Toshkent viloyatida yirik logistika markazini barpo etish uchun 150 million dollar sarmoya kiritmoqda.
Mana shunday ijobiy muhitda "Wildberries" kompaniyasining 5-Toshkent xalqaro investitsiya forumida (TXIF) homiy sifatida ishtirok etishi yetakchi raqamli platformalarning Oʻzbekiston iqtisodiy salohiyatiga boʻlgan yuksak qiziqishidan dalolat beradi. Ushbu hamkorlik respublikamizda raqamli infratuzilmani rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish hamda kichik biznesni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasidagi oʻzaro intilishlarni aks ettiradi.


