Uzum V Toshkent xalqaro investitsiya forumining (TIIF-2026) rasmiy hamkoriga aylandi

22 May 2026, 18:32
Uzum V Toshkent xalqaro investitsiya forumining (TIIF-2026) rasmiy hamkoriga aylandi
Uzum raqamli ekotizimi V Toshkent xalqaro investitsiya forumining (TIIF) rasmiy hamkoriga aylandi. Bugungi kunda elektron tijorat Oʻzbekiston chakana savdosining qariyb 5 foizini tashkil etmoqda, 2027-yilga borib esa bu bozor hajmi 2,2 milliard dollarga yetishi kutilmoqda. Uzum ekotizimi oʻz ichiga marketpleys, logistika, fintex va bank xizmatlarini qamrab olgan boʻlib, ulardan har oyda 20 milliondan ortiq kishi unumli foydalanmoqda.
Uzum mamlakatimiz tarixida 2,3 milliard dollar qiymatga ega boʻlgan ilk IT-«unicorn» sifatida muhrlandi va 300 million dollardan ziyod xalqaro investitsiyalarni jalb eta oldi. Investorlar qatoridan Xitoyning Tencent, Amerikaning VR Capital kompaniyalari, Ummon sultonligining suveren fondi hamda FinSight Ventures jamgʻarmasi joy olgan. Kompaniyaning TIIF-2026 forumidagi ishtiroki yurtimizning raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish hamda dunyoning yetakchi biznes vakillari va sarmoyadorlarini birlashtiruvchi ushbu nufuzli anjumanga global kapitalni jalb qilish borasidagi qatʼiy intilishlarini yaqqol namoyon etadi.


